[Eng yangilari] [Yangilari] [Muxlislar Ijodi] [Matmusa Interneda] [Nasriddin Afandi] [Aralash-quralash] [Maktab latifalari] [Shifokorlar hayotidan] [Gobrova latifalari] [Jinnixona latifalari]

Krill Lotin

 

NASRIDDIN  AFANDI

(Xalq  og'zaki  ijodidan)

 

MUDDAT  TUGADI

— A-ha, qo'lga tushdingmi?— dedi Nasriddinning do'stlaridan biri. — Pivo ichayapsan! O'zing aytganding, pivo ichishni doktor taqiqladi, deb. Demak, sen byulletenni bir necha kunga cho'zmoqchisan!

— Taqiqlagani to'g'ri. Lekin byulletenni cho'zish to'g'risidagi gaping noto'g'ri. Bundan tashqari, doktor menga ichishni taqiqgandan keyin ko'p o'tmay qazo qildi. Xo'sh, u o'lgandan keyin ham buyrug'iga bo'ysunishim kerakmi?...

 

ENG MUHIMI — TEKINGA...

Pulga o'chligi bilan mashhur bo'lgan taniqli vrachni uchratib qolgan Nasriddin qiziqsinib undan so'radi:

— Do'xtir, masalan, aytaylik, sizning o'zingiz shamollab qoldingiz deyaylik, xo'sh, unda qanday davolanasiz?

Vrach qanday davolanishini ipidan-ignasigacha gapirib berdi.

— Yaxshi maslahatingiz uchun sizga katta rahmat,— minnatdorchilik bildirdi Nasriddin.— Eng muximi, yana tekinga-ya...

 

ROST BO'LSA

Ma'ruzachi shunday dedi:

— Azizlarim, hayajonlanmaslikka, asabiylashmaslik-ka, o'z kayfiyatingizni buzmaslikka harakat qiling. Er-xotin o'rtasidagi besh daqiqalik janjal umrni bir haftaga qisqartiradi... .

— Agar bu gap chindanam rost bo'lsa,— dedi Nasriddin yonida o'tirgan kishining qulog'iga shivirlab,— men bu yerga to'ppa-to'g'ri narigi dunyodan kelib qolgan ekanman-da.

 

TUSHUNARSIZ  HOL

— Mening xotinimni yaxshilab bir ko'rib quysangiz,— deya iltimos qildi Nasriddin vrachdan.— Unda qandaydir g'alati odatlar paydo bo'lib qoldi.

— Xo'sh... Masalan, qanday odatlar?

— Bilasizmi,— tushuntira boshladi xotiniga mehribon bo'lgan Nasriddin, — ilgari u chakagi chakagiga tegmay javragani-javragan edi, men ham bunga ko'nikib qolgan edim. Endi esa gapiradi, gapiradi-da, birdan jim bo'lib qoladi. Buning sababi nimada?

 

MENGA  QOLGANI  SHU  EKAN...

Nasridinning qulog'i og'rib, shishib ketdi. Uning nashtardek tiliga ko'p marta duchor bo'lgan qo'shnisi buni ko'rib qolib, istehzo bilan dedi:

— Voy-bo'... Mulla Nasriddin, bunaqangi antiqa eshak quloqni qayerdan topdingiz?

— E-e, so'ramang, qo'shnijon,— dedi unga javoban Nasriddin,— Eshakning miyasini siz yeb qo'ygan ekansiz, menga faqat qulog'i qolibdi...

 

ZARURIY SHART

— Doktor,— dedi kulimsiragancha Nasriddin,— nimaga menga tilingni chiqargin, dedingiz-u, o'zingiz unga qiyo ham qarab qo'ymadingiz?

— Resept yozib bergunimcha bir past jim turishingizni xohlagandim,— dedi vrach ham kulimsiragancha.

 

DAVOSI  OSON...

Nasriddinning xotini to'lg'oq tutardi-yu, lekin u hech tug'a olmasdi.

— Buning davosi oson,— dedi Nasriddin.— Bir lahzada topib kelaman buni.

Shunday deb, u uydan yugurib chiqib ketdi-da, bir hovuch yong'oq sotib olib kelib, xotinining yonida g'amga botib o'tirgan qarindoshlariga tutqazib, dedi:

— Buni xotinimning oyoq tomoniga qo'yib qo'yinglar. Bola yong'oqni ko'rishi bilan o'zi yugurgilab chiqadi.

 

TOPISHMOQ

Bir kishi Nasriddinga dedi:

— Eshitishimga qaraganda, xotiningiz aqldan ajrabdi.

Nasriddin unga javob qaytarmay, chuqur o'yga cho'mdi.

— Nimani o'ylab qoldingiz?— sabri chidamay so'radi boyagi kishi.

— O'ylaymay bo'ladimi,— dsdi Nasriddin.— Xotinim tug'ilganda o'zi aqlsiz bo'lib tug'ilgan, shunday bo'lgach, qanday qilib aqldan ajrashi mumkin. Mana shuni o'ylayapman.

ENDI  HOJATI  YO'Q

Nasriddinning xotinini yuragi birdan xuruj qilib qoldi. Nasriddin tashvishlanib tabibni chaqirib kelgani yo'l oldi. U eshikdan chiqqan ham ediki, xuruj o'tib ketdi. Zaifa darrov deraza yoniga yugurib keldi-da,

zing'illagancha  ketayotgan  Nasriddinning  orqasidan  baqirdi:

— Yaxshi bo'lib qoldim. Tabibni chaqirmay qo'ya qoling.

Nasriddin uning gapini eshitdi-yu, bari bir tabibning uyiga borib, uni chaqirdi. Tabib uning oldiga chiqqach esa, shunday dedi:

— Xotimning yuragi xuruj qilib qolgandi. Sizni chaqirgani kelayotgandim, birdan u derazadan: "Yaxshi bo'lib qoldim, tabibni chaqirmay qo'ya qoling",— deb baqirib qoldi. Endi sizning borishingizning hojati yo'q, shuni aytgani kelgandim.

 

SOG'LIQ  GAROVI

Nasriddin va'z aytar ekan,  shunday nasihat qildi:

— Sog'liqni saqlash uchun to'rt shartga rioya qilish zarur, ya'ni Έqni issiq, boshni sovuq tutish, me'yoridan ortiq yemaslik va ko'p o'ylamaslik kerak.

 

BUNDANAM  BATTAR...

Nasriddin yer haydayotgandi. Oyog'iga tikan kirib ketdi. U tikanni bir amallab chiqarib tashlab, oyog'ini bog'ladi-da, xudoga hamdu sano o'qiy boshladi: "O'zingga shukur, yaxshiyam oyog'imda yangi boshmog'im yo'q ekan, bo'lmasa uni tikan yirtib yuborardi..."

 

BEMORNI  DAVOLASH

Nasriddin kasal bo'lib qoldi. Uni qarindoshlari ko'rgani kelishdi-yu, ketishni xayollariga ham keltirmay, gaplashib o'tiraverishdi. Tushlik payti yaqinlashib qoldi. Shunda Nasriddin o'rnidan turdi-da, ularga minnatdorchilik bildirib, dedi:

— Xudoga shukur, sizlarning poyqadamingiz Έqib, tuzalib qoldim. Endi xotirjam bo'lib, uylaringizga bemalol ketaversangiz bo'ladi.

 

YAQIN  ORADA  TUZALMAYDI...

Nasriddinni bir qishloqda martabali aziz mehmon sifatida kutib olishdi. Rosa mehmon qilishdi. Qorni yorilgudek bo'lgan Nasriddin shu kuni haddan tashqari charchadi. Uy sohibi unga olti yashar o'g'li yotadigan uyga joy solib berdi. Nasriddin boshini yostiqqa qo'yishi bilan uxlab qoldi. Biroq yarim kechada zahar tang qilib uyg'onib ketdi. Tashqariga chiqqan ham ediki, eshakdek it unga tashlandi. Orqasiga qaytib kirishga majbur bo'ldi. Keyin yana bir nechta marta tashqariga chiqmoqchi bo'ldi, biroq it bunga yo'l qo'ymadi. Oxiri u chiday olmay, shunday kunga qolganiga la'natlar o'qib, qovug'ini bolakayning o'rniga bo'shatdi.

Ertalab uy egalari bolaning o'rni ho'l bo'lib qolganini ko'rishdi-yu, o'g'limiz hech siyib qo'ymasdi, demak u kasal bo'lib qolibdi, deb o'ylab, unga har xil dorilarni ichira boshlashdi. Buni ko'rgan Nasriddin chidab turolmadi-da, dedi:

— O'g'lingiz hali-veri tuzaladiganga o'xshamaydi. Agar uyga kelgan mehmonni sharobu ko'k choy, oshu asal bilan siylayversangiz, buning ustiga hovlingizda eshakdek qopong'ich it bo'lgach, o'g'ilchangizga ichirayotgan dorilaringizdan birontasi ham unga naf qilishidan umid qilmasangiz bo'ladi.

 

AQLLI  MASLAHAT

Bir kishi Nasriddinni ko'rib qolib, maslahat soldi:

— Nimaiki yemay, bari bir oshqozonim hazm qilmayapti. Nima qilsam bo'larkin?

— Bundan keyin faqat hazm bo'ladigan ovqatni yeng,— deb maslahat berdi Nasriddin.

 

NASRIDDIN — TABIB

Bir qishloqqa ochiqib kirib kelgan Nasriddin qishloq oqsoqoli og'ir betob ekanligini eshitib qoldi.

— Men — tabibman,— deb e'lon  qildi   u  o'zini.— Qishloqda kasallar bormi?

Uni shu zahotiyoq bemorning huzuriga boshlab borishdi. Bu paytda uyda non yopishayotgandi.

— Darrov issiq non, sariyog' bilan asal keltiringlar,— bu-yurdi Nasriddin.— Bular judayam zarur.

U qornini to'yg'izib, duo o'qidi-da, dedi:

— Bugun bemor ancha yengil tortdi, ertaga kelganimda unga dori ichiraman, o'shanda u hech nimani ko'rmagandek tuzalib ketadi.

U hali gapini tugatmagan xam ediki, bemorning joni uzildi.

— Uni nima qilib qo'yding?— dod-voy ko'tarishdi marhumning qarindoshlari.— Yana, ancha yengil tortdi, deyishingga balo bormi!

— Asti gapirmang,— dedi Nasriddin bunga javoban,— bularning hammasi qayg'uli. Lekin bir narsani bilib qo'ying: agar hozir duo o'qimaganimda o'zim ochlikdan o'lgan bo'lardim. Ana o'shanda, bitta marhum kamdek, u ikkita bo'lib qolsa sizlarga oson bo'larmidi...

 

YOQIB   QOLDI

Nasriddin tabibning huzuriga kelib, tomirini ko'rib qo'yishini iltimos qildi-da, qo'shib qo'ydi:

— Keyin qanday kasalim borligini ayting.

— Siz bor-yo'g'i ochsiz,— dedi tabib, — hozir tushki ovqat payti, mening mehmonim bo'ling.

Ular birgalikda ovqatlanib bo'lishgach, Nasriddin uyiga keta turib, tabibga dedi:

— Sizning qo'lingiz judayam yengil ekan, meni bir pasda tuzatib qo'ydingiz. Uyimda yana bir necha kishi xuddi shunday kasallik bilan og'rigan. Ularni ham sizning oldingizga yuboraman.

 

KULGU  VA  KO'Z   YOSHI

Bir necha kishi daladan topib olishgan kompaslarini ko'tarib, Nasriddinning oldiga olib kelishdi:

— Bu qanaqa narsa, nima deb o'ylaysiz?

Nasriddin xayolga toldi, keyin birdan ho'ngrab yig'lab yubordi. Lekin oradan ko'p o'tmay, ko'z yoshlarini qo'li bilan artida, xaxolab kulishga tushdi.

— Sizga nima bo'ldi?— ajablanib so'rashdi undan.

— Bir yig'laysiz, bir kulasiz...

— Oldiniga,— dedi Nasriddin,— omiligingizga, bu narsa nimaga ishlatilishini bilmaganingizga yig'ladim. Kulishimning boisi, bu narsa nimaligini o'zim ham bilmas ekanman.

 

MEN  HAM...

Boshi aralash jag'ini boylab olgan Nasriddin ko'chada ketayotgandi, bir tanishi uchrab qolib dedi:

— Xudoning o'zi umringizni uzoq qilsin. Nimaga aft-basharangizni bog'lab oldingiz?

— Mana to'rt kunki,— dedi Nasriddin hasratidan chang chiqib, — tish og'rig'idan qutula olmayapman.

— Agar mening tishim og'risa, — dedi Nasriddinning tanishi,— shartta oldirib tashlagan bo'lardim.

— Agar sizning tishingiz og'risa,— dedi Nasriddin,— men ham shartta sug'urtirib tashlagan bo'lardim.

 

 

O'RINSIZ  O'QILGAN  SHE'R

Nasriddin tizzasi og'riyotgan bemorni ko'rish uchun bordi.

— Sening kasaling to'g'risida,— dedi u, — arab shoiri Jarisning ajoyib she'ri bor, uning qanday boshlanishini faqat men bilaman.

— Shu bilganingni o'zinigina aitib bera qol, — iltimos qildi bemor. Shundan so'ng Nasriddin yoddan o'qiy boshladi:

— Tizza og'rig'iga yo'qdir davo...

Buni eshitgan bemor shu zahotiyoq dedi:

— Bo'ldi, bo'ldi. O'sha she'rning bir misrasi ham yodingda qolmagani ma'qul edi...

 

KO'NGIL   SO'RASH

Bir boy qariya kasal bo'lib qoldi. Buni eshitgan Nasriddin hol-ahvol so'rash uchun keldi. Ketayotganda esa, bemorning uyidagilarga ta'ziya bildirdi.

Bola-chaqalari Nasriddinga deyishdi:

— U kishi hali o'lgani yo'q-ku, nimaga ta'ziya bildiryapsiz?

— Gapimga tushunmadinglar,— dedi Nasriddin,— men uning umrbod rohat topishini o'ylab, sizlarga ta'ziya bildirib, duo o'qidim. Bundan tashqari, u o'lib-netib qolsa, yana ta'ziya bildirish uchun kelishga vaqtim bo'lmasligi mumkin. Shuning uchun hozir bir yo'la hammasini qilib ketganim ma'qul.

 

HOLDAN  TOYISH  KASALLIGI

Oshnasi bilan qo'shni shaharga yo'l olgan Nasriddin birdan o't ustiga yotib oldi-da, jo'rasiga dedi.

— Men judayam charchadim. Holdan toydim — shunaqangi kasallikni eshitganmisiz? Buning davosi — shu yaqin atrofdagi qishloqdan yeydigan biror narsa olib kelish kerak.

— Unaqa bo'ladigan bo'lsa,— dedi oshnasi,— o'rningizdan turing, go'sht olib keling. Men ovqat tayyorlab beraman.

— Axir sizga aytim-ku, — dedi unga e'tiroz bildirib Nasriddin,— kasalman, holdan toyganman, deb. Endi aytgan narsangizni o'zingiz olib kelishingizga to'g'ri keladi.

Oshnasi xarajat qilib kelganda Nasriddin uxlab qolgandi. Oshnasi uni uyg'otib, dedi:

— Go'sht, yana u-bu narsalarni olib keldim. O'rningizdan turing-da, go'shtni qovurib yeng.

— Odam degan ham shunchalik fahm-farosatsiz bo'ladimi?— ajablanib dedi Nasriddin.— Uni pishirishga kuch-quvvatim yo'q. Necha marta aytishim kerak — holdan toyganman deb. Buning ustiga umrimda kabob pishirmaganman — go'shtning hammasini kuydirib yuboraman.

Oshnasi kabobni tayyorladi, pishirayotganda esa Nasriddinga dedi:

— Baraka topkur, hech bo'lmasa buloqdan suv olib kelib, choy qo'yib yuboring.

Nasriddinning peshonasi tirishdi.

— Holdan toyganman, deb ming marta gapiryapman, siz esa buning ma'nosiga tushunib yetmayapsiz. Suvniyam o'zingiz olib kelishingizga to'g'ri keladi.

Oshnasi suv olib kelib, choy qo'ydi. Keyin jahl bilan dedi:

— Endi, marhamat qilib, o'rningizdan turib, ovqatlanib oling.

— Hamma iltimoslaringizni boyadan beri rad qilayotgandim,— dedi Nasriddin.— Bu iltimosingizga ham yo'q deyishga betim chidamayapti.— U shunday deb, tomog'ini qirib yo'talib qo'ydi-da, shosha-pisha kabobni tushira boshladi.

 

 

CHO'NTAK  KO'TARMAYDI

Taniqli doktor hali nom qozonmagan yosh vrachning huzuriga keldi.

— Sizning huzurimga kelishingizning o'zi menga katta baxt,— dedi yosh vrach.— Lekin nega siz o'zingizni o'zingiz davolamaysiz?

— Bilasizmi,— dedi taniqli doktor,— davolaganim uchun bemorlardan juda katta pul olaman, O'zimni o'zim davolaydigan bo'lsam, unga to'lashga pulni qayoqdan topa-man.

 

HALI VAQT BOR...

— Doktor, ancha yaxshi bo'lib qoldim. Davolaganingaz uchun sizga qancha to'lashim kerak?

— Hali vaqt bor, shoshilmang. Haq to'lash uchun kuch-quvvatga to'lganizcha yo'q.

 

MUVAFFAQIYAT  SIRI

— Hamkasaba, men yo'q paytimda o'rnimni bildirmay, men qanday ishlasam, siz ham shunday ishlashingizni xohlardim.

— O'qishni endigina bitirib keldim, hali hech qanaqangi tajribam yo'q-ku...

— Buning ahamiyati yo'q. Mijozlarimning hammasi oliftalar. Erkaklarga golf o'ynashni, ayollarga esa dengiz sohiliga borishlari zarurligini aytsangiz kifoya.

 

Hosted by uCoz