2. Matmusaning Qalpog'i
Qalpoq oldi Matmusa,
Qalpoq desa — qalpoqday.
Uni kiyib Matmusa,
Yigit bo'ldi chaqmoqday.
O'nta qo'yga arziydi,
Yaraqlashi bir jahon.
Bir qarasang — suvsardek,
Bir qarasang — olmaxon.
Qalpoq emas — ertak u,
Qalpoq emas — tilla toj!
Qo'ying-chi restoranda
Yuvmasa hech yo'q iloj.
Kirdilar, o'ltirdilar,
Buyurdilar araqni.
Dono Matmusa uchun
Ichdilar bosh qadaxni.
Qalpoqqa teri bergan
Suvsar uchun ichdilar.
Shunday qalpoqni sotgan
Ovsar uchun ichdilar.
Eslanmagan qishloqning
Itigacha qolmadi.
Maqtalmagan qalpoqning
Ipigacha qolmadi.
Xo'p ichdilar o'ylamay
Hisob-kitob qilmoqni.
Oxirida pul yetmay,
Topshirdilar qalpoqni.
•