8. Qiziquvchan Matmusa
Oppoq ko'ylak, yangi shim
Kiyib olib bayram kun,
Uyga qaytar Matmusa
Shirin bo'lib kechqurun.
Qaytar zavqqa qo'shib zavq,
Ham kuch qo'shib kuchiga.
Bir payt ko'rsa, allakim
Simyog'ochning uchiga —
Qog'oz osib qo'yibdi,
Ikki qator yozib xat.
O'qimoqqa Matmusa
Harchand qilar harakat —
U tomondan qaraydi,
Qaraydi bu tomondan.
Bilmay ketsa ne xat bu,
Chiqa olmas armondan.
Qiziquvchan ishtiyoq
Unga tinchlik bermasdi.
Ko'ylakni ham ayamay
Simyog'ochga tirmashdi.
Chiqdi, ko'rdi, o'qidi,
Kim aqldan ozibdi?
«Ehtiyot bo'l, simyog'och –-
Bo'yalgan», deb yozibdi.
O'qidiyu tanidan
Chiqib ketdi muzdek ter,
Uyga kelib daftarga
Yozib qo'ydi to'rt yo'l she'r:
«Ey, odamlar, bilishdan
O'zingizni tiymanglar.
Qiziquvchan bo'lsangiz,
Yangi ko'ylak kiymanglar!»
•