3. Matmusaning lagani
Matmusavoy shahardan
Lagan olib qaytardi,
Yo'l-yo'lakay o'y surib,
O'z-o'ziga aytardi:
Bu laganni ko'tarib
Olib borsam qishloqqa,
Xotin uni albatta
Idish qilar pishloqqa.
Tiyib bo'lmas hech qachon
Bola-chaqa deganni.
Ular pishloq talashib
Sindirishar laganni.
Shunda izlab chegachi
Men notavon bechora,
Qayta kelib shaharga
Bo'ladirman ovora.
Mashoyixlar gapi bor
Ish ko'zini bil, degan.
Har yumushda ertaning
Hisobini qil, degan.
Nima qilsam ekan deb,
Bir dam o'yga toldi u.
So'ng laganni sindirib,
Chegalatib oldi u.
Shunday qilib, uyiga
Qaytdi og'zi quloqda.
Hamma uning aqliga
Qoyil qoldi qishloqda.
•