11. Matmusaning qo'shig'i
Beish qoldi Matmusa,
Endi ne qiluv kerak?
Bir tovuqqa albatta,
Ham donu ham suv kerak.
Bekor qolsang yostiq ham,
Yonboshingga botadi.
Televizorga tokay
Termilgancha yotadi?
Oinai jahonda
Kuylamagan og'iz yo'q.
O'ylab ko'rsa o'zidan
O'tadigan hofiz yo'q.
O'yladi, avval boshni,
So'ng yonboshni qashladi.
To'rtta odam yig'ilsa
Qo'shiq aytaboshladi.
Eshitarmi odamlar,
Eshitmasmi, ishi yo'q?!
«Bog' aro»ni ko'tarar,
Bas, deydigan kishi yo'q.
O'zi bo'lar mahliyo
O'zi aytgan kuylarga.
Taklif bo'lsa, bo'lmasa
Boraverar to'ylarga.
Matmusa kelgan yerdan
Qochar bo'ldi odamlar,
Tunlar quloqqa yostiq
Bosar bo'ldi odamlar.
Oqsoqollar dedilar:
Bir ilojni o'ylaylik.
Matmusani qishloqqa
To'ra qilib qo'yaylik.
Bo'lsa katta amaldor,
Kursisi baland bo'lsa:
Majlis, qabul, nutq, safar
Xullas doim band bo'lsa.
Balki qo'shiq aytishga
Vaqti qolmas, ulgurmas.
Amalidan uyalib
Hofizlikni ep ko'rmas...
Kelishdilar, Matmusa
Endi qishloq to'rasi.
Ko'payib qoldi, ko'ring,
Qadrdoni, jo'rasi.
U kursida o'ltirar,
Qo'lni qo'yib beliga.
Yana ham qiyin bo'ldi
Donishqishloq eliga.
Kimki biror ish bilan
Huzuriga kiradi —
Matmusa arz eshitmas,
Qo'shiq aytib beradi.
Chidab sukut saqlagan
Marhamatga esh bo'lur.
Qo'shig'ini maqtagan
Albat ishi besh bo'lur.
Oqibat Matmusaning
Kasali battar bo'ldi.
Sahar boshlab ashula
Kechgacha aytar bo'ldi.
Oqshomlari guzarda
Avjni olib turadi.
Eshitsang-ku xo'bu xo'b,
Eshitmasang — uradi.
To'ra bo'lgach, boshqa xil
Ovozlarni yo'kotdi.
Meni kulgi qildi, deb
Xo'rozlarni yo'qotdi.
Donishqishlosda endi
Boshqa biror qo'shiq yo'q.
Birgina Matmusaning
Qo'shig'iga to'siq yo'q.
Odamlar ijirg'annb,
O'qchib quloq soldilar.
Iloj qancha, oxiri
O'rganib ham qoldilar.
Hatto qo'msab, noyob deb,
So'ylar bo'ldi xaloyiq.
Matmusaga o'xshatib
Kuylar bo'ldi xaloyiq.
Qarsak, olqish, madhiya
Avjga chiqib basma-bas,
Xalq dedi: bizga endi
Boshqa qo'shiq kerakmas.
Hammamiz bu qo'shiqning
Fidoyisi bo'larmiz.
Uni aytib yashadik,
Uni aytib o'larmiz.
Alqissa, bulbuli yo'q,
Xo'rozi yo'q ul ma'vo —
Donishqishloqda xamon
Yangrar yolg'iz bir navo.
•