13. Matmusaning mexmondo'stligi
Mehmon juda azizdir
Donishqishloq tomonda
Derlar, mayli biz o'lsak
Mehmon bo'lsin omonda.
Mana, shaharlik mehmon
Qishloq kezib yuribdi.
Unga go'zal tabiat
Ma'qul bo'lib turibdi.
Ayniqsa to'palon soy
Mehmonga qib ketdi,
Ox-oh deb suvga tushdi,
Tushdi-yu oqib ketdi.
Goh cho'kar, goh ko'rinar,
Dod solar: Qutqaringiz,
Spasite, dast bideh,
O may frend, SOS, pliz.
Ispancha, portugalcha,
Lotincha qichqiradi
Belni ushlab Matmusa
Hayron bo'lib turadi.
Shuncha tilda dodlashni
O'rganish havasmidi,
Undan ko'ra suzishni
O'rgansang bo'lmasmidi.
O'lar holga yetganda
Suv kirib tomog'idan
Mehmonni olib chiqdi
Ushlab bo'yin bog'idan.
Shaharlik shaharlikda
Der Matmusa ko'nglida,
Kerakli arqonini
Olib yurar bo'ynida.
Qirg'oqqa chiqdi shoshmay
So'ng aqlini yuritib
Arqonidan daraxtga
Osib qo'ydi quritib.
•