6. Tandir kiygan Matmusa
O'zi tandir qurolmay,
Ko'nib oxir taqdirga,
Shahar tomon yo'l oldi
Matmusavoy tandirga.
Tandir bozor qizigan,
U tushgacha aylandi.
Va nixoyat bozorning
Zo'r tandiri saylandi.
Chertsa, uch kun jaranglar,
Bir umrga yetadi.
Lekin uni qishloqqa
Qanday olib ketadi?
O'ylab ko'rsa, eshakka
Ortmoqning yo'q chorasi.
Ortganda ham arqonlab
Tortmoqning yo'q chorasi.
Ahli bozor yig'ildi,
Qizib ketdi maslahat.
Barchada bir shu tashvish,
Hammada shu o'y faqat.
Kengashildi, o'ylandi,
Mindirildi oxiri
Eshagiga — Matmusa,
Matmusaga — tandiri.
U shod, bundoq tadbirni
Topmas eng zo'r topqir ham.
O'zi yayov qolmadi,
Zap o'rnashdi tandir xam.
«Hayyo-hayt» deb yo'l oldi
Donishqishloq tomonga.
Mana, tandir ichidan
Qarab borar osmonga.
Har qanchaki intilar
Matmusa yo'l ko'rolmas.
Mening uyim qanda? — deb
Odamlardan so'rolmas.
Ketib borar tavakkal,
Ko'kka qarab «Tangrim! — der,
Meni qilma sharmanda,
Eshagimga aql ber».
Bedapoya ko'rganda
Eshak sho'rlik netadi?
Qishloq qolib Mag'ribda,
Mashriq tomon ketadi.
Kun botaru shom tushar,
Yulduz chiqar osmonga,
Hamon borar Matmusa,
Yetmas manzil-makonga.
Deydilarki,to bu dam
Yo'lda emish Matmusa.
Boshi ham yo'q, cheki yo'q
Cho'lda emish Matmusa.
Ayo do'stlar, adashgan
Bir mo'mindan kulmaylik.
Matmusadek o'zimiz
Tandir kiygan bo'lmaylik!
•