9. Matmusa — rassom
Ko'chma muzey kelibdi
Bizning Donishqishloqqa.
Eshitdiyu Matmusa,
Shoshib qoldi u ¸qqa.
Ko'rdi borib mo'ylovdor
Qilich taqqan zotlarni.
U zotlaring ostida
Gijinglagan otlarni.
Ayniqsa, deng, ayollar,
Qarab-qarab oldi u.
Boqib ba'zi suratga,
Surat bo'lib qoldi u.
Biri biridan qiziq,
Bir-biridan zo'r, ammo
Abstrakt san'atga
Tushunmadi mutlaqo.
Dedi: shu suratga ham
Pul to'lashar, hoynahoy.
Demak, rassom ishi zo'r,
Demak, rassom juda boy.
Dedi: san'at kim uchun?
San'at hamma uchunmi?
Men ham endi bu ishda
Sinab ko'ray kuchimni.
Qat'iyatli Matmusa,
U orziga so'z oldi.
Uyga kelib sandiqdan
Paytavalik bo'z oldi.
Tog'oraga rang qordi,
Bo'lsin uchun sozgina,
Qo'shdi tarnov suvidan,
Qo'y qiyidan ozgina.
Qo'lcho'pni siz so'ramang,
Topqirlikdan kamoli —
Guldek mo'yqalam bo'ldi
Echkisining soqoli.
Toldan ¸g'och kesdiyu
Chorcho'pni ham bopladi.
So'ng u turfa matoga
Turfa rangni chapladi.
Qarabsizki, rasm taxt,
Shartta qo'yib imzoni,
Olib keldi muzeyga,
Lol qilgani dunyoni.
Ko'rinarli joy topib,
Osdi uni devorga.
Allaqanday «izm» deb
Yozib qo'ygan qatorga.
Ertasiga keldilar
Mutaxassis xodimlar.
Ya'ni, o'sha «izm»ning
Piri bo'lgan olimlar.
Qaradilar, ko'rdilar,
Hech tish o'tmas anglarga.
Kim der: Ko'ring uslubni.
Kim der: Qarang ranglarga.
Bu G'arbdagi zo'r usul
Antirasm, der birov.
Primitivizmda
Yangi oqim, der birov.
Xullas, ko'chma muzeydan
Bu surat xam joy oldi.
Matmusaga pul chiqib
Bitta saman toy oldi.
Ey, yoronlar, borsangiz
London, Parij, Rumoga,
Muzeylarda bir qarang
O'sha tanish imzoga.
Jilva qilib o'zgacha,
Bo'y taratib turibdi.
Matmusa chizgan surat
Dunyo kezib yuribdi.
•