4. Matmusaning charxpalagi
Polvon edi Matmusa,
To'rt fil kuchi jam edi.
Qishloqda eng zo'r, ammo
Aqli bir oz kam edi.
Matmusani shundan hech
Ko'zga ilmas edilar.
Qo'rqsalar ham undan, hech —
Hurmat qilmas edilar.
Bir kun dedi Matmusa,
Shunday kuchga egamen.
Shuhratim yo'q el aro,
Beobro'man nega men?
Ot ko'tardim tish bilan,
Kuldi faqat odamlar.
Arzimagan ish bilan
Topdi hurmat odamlar.
Endi men ham kirishay,
Hayron kilay hammani.
Dono bo'lib bir o'zim,
Nodon qilay hammani.
Bo'z ariqda ko'p zamon
Bor eski bir charxpalak.
Ko'ribdiki, bir tomon
Aylanar u g'ildirak.
Balki ming yil narida
Aylangandir shu yo'sin.
Matmusaning davrida
Yangilik bir ish bo'lsin.
Turdi bir oz o'y surib,
Yurdi shaxdam ilgari.
Charxpalakni sug'urib
Shartta qo'ydi teskari.
Bu ijoddan el darak —
Topdi saxar pallada.
Jadal chopar charxpalak,
Lekin suv yo'q dalada.
Uylar axli ulamo
Tuzatmoqning yo'lini.
Mag'rur turar Matmusa
Belga qo'yib qo'lini.
Kim charxpalak kosasin
Yalpoq qilish kerak, der,
Kim kosaga osma sim
Qopqoq qilish kerak, der.
Der idroki eng yuksak
Qashib turib kallani:
— Daryoni sal ko'tarsak.
Sal tushirsak dalani...
— Yo'q, ish bitmas «sal» bilan!
Qishlog'imiz erlari —
Charxpalakni gal bilan
Aylantirsin teskari.
— Yo'q, kuchimiz ojizroq,
Qiynalmasin el joni.
Teskariga oqizmoq
To'g'ri bo'lar daryoni...
Emish, hamon qilar bahs
O'sha qishloq erlari.
Charxpalak-chi, suv bermas,
Aylanarmish teskari.
•