7. Matmusaning uylanishi
Safar qildi Matmusa
Olisdagi shaharga.
Ul shaharda yo'liqdi
Bir hur pari-paykarga.
Bo'ydoq edi Matmusa,
Uzoq turmay o'ylanib,
Qishlog'iga qaytdi u
Ul sanamga uylanib.
Xech gap emas baxt kelsa,
Aytar omad deb buni:
Uch oy o'tmay jononning
Yaqinlashdi oy-kuni.
Hamma hayron, hamma lol:
Biz bir yilcha kutardik,
Matmusaning xotini
Chiqib qoldi udarnik.
Ne ekan deb, shoshilib
Zarbdorlikning bu siri,
Chopib keldi suhbatga
Donishgazet muxbiri.
Biz ham chetda emasmiz,
Biz ham sherik mehnatga, -
Deb Matmusa tirjayib,
Qo'shiladi suratga.
Ertasiga bu xabar
Tarqab ketdi har yokda.
Sarlavha ham chiroylik:
Ilg'or o'rnak qishloqqa.
Xat g'ilar erlardan:
Tashabbusni qo'llaymiz!
Xotinlarni tajriba
Almashishga yo'llaymiz!
Alvon-alvon shiorlar
Paydo bo'lar har joyda:
Yangilikka katta yo'l!
To'qqiz oyni uch oyda!
Hay'atlarda kekkayib
Yayrab yurar Matmusa.
Biz undoq, biz bundoq deb
Sayrab yurar Matmusa
Alqissa shu ba'zida
Shunday bo'lib qoladi
Birov qilib mehnatni,
Birov obro' oladi.
•