10. Matmusaning dutori
Matmusa qo'y sotgani
Shaharga kelib qoldi.
Qaytishda bitta qo'yning
Puliga dutor oldi.
Uyga kelgach, yo'lakka
Bog'ladiyu otini,
Zavqi sig'may yurakka,
Chaqirdi u xotinni.
Mana, xotin, ko'rib qo'y,
Manovni dutor deydi.
Manov bog'ichni parda,
Manov ipni tor deydi.
Manov quloq, bu xarrak,
Ya'ni, eshak boladir.
Shaharlik uni bunday,
Bunday qilib chaladir.
«Munojot» deb otini,
Matmusa kuy chalibdi.
Quloq solib xotini,
Rosa qoyil qolibdi.
Depti:
Rahmat, shaharlik—
Yaxshi cholg'u beribdi.
Faqat bitta narsaga
Aqlim yetmay turibdi.
Bir mahal bobomda ham
Shunday cholg'u bor edi.
Esimdan adashmasam,
O'sha ham dutor edi.
Lekin u chalmay turib,
Qulog'ini burardi.
Barmog'i ham manov ip
Ustida yugurardi.
Sen bo'lsang, bitta yerni
Tutgancha qolaverding.
Bir xil ting'ir-ting'irni
Qo'ymasdan chalaverding.
Jahli chiqib Matmusa,
Xotinini so'kibdi.
Ketgan qo'yi uchun ham
Alamini to'kibdi:
«Ey, xotin, sen eringga
Nodon gapni deb qo'yding.
Nima bo'ldi? YO qarib
Es-hushingni yeb qo'yding?
Bobong qo'li dutorda
Yugursa, yugurgandir.
Sho'rlik kerak pardani
Topolmay qidirgandir.
Endi men chalganimda
Og'zingni yum, jim, depti.
Bobong parda qidirgan,
Men uni topdim, depti.
Matmusa shunday qilib,
Ko'kragini keribdi.
Erini dono bilib
Xotin ham tan beribdi.
Alqissa shu: Mashshoqlar
— Qidirishni tashlasin.
Kerak pardani topgan
Matmusalar yashasin!
•