12. Matmusa va o'g'rilar
Savdo qilib Matmusa
Qaytar ekan yo'liga
Tushib qoldi shaharlik
O'g'rilarning qo'liga.
Yechintirdilar avval
So'ng do'pposlab urdilar
O'chsin deya ovozi
Karnay chalib turdilar.
Shu-shu ko'p yil Matmusa
Bu shaharga qaytmadi
Ichga yutdi alamin
Hech kimsaga aytmadi.
Aytsa nima, el faqat
Kulgi qilar ermaklab,
Qariganda nihoyat
Nabirasin yetaklab.
Matmusa yana o'sha
Shahar sari yo'l oldi
Bu safar katta to'yning
Ustidan chiqib qoldi.
G'at-g'at karnay, nog'ora
Takatumni urardi
Matmusadan nabira
Bu nima, deb so'rardi.
Bobo aytar: bu ishni
Mendan so'rma, bolajon,
Bir sho'rlikni hoynahoy
Qilmoqdalar chalajon.
Do'stlar kulmang, bu hikmat
Matmusadan qariroq,
Nog'orayu karnakdan
Yuring doim nariroq.
•