5. Matmusaning tandiri
Matmusaga bir kuni
Xotini: «Hoy, er, — dedi.
Hammada bor, menga ham
Tandir qurib ber», dedi.
Pishiq edi Matmusa,
Boshga qo'yib qo'lini,
O'ylab topdi eng arzon
Tandir qurmoq yo'lini.
Dehqonchilik somon, jun,
Loy qorishni biladi.
O'zi tayyor qolip-ku,
Nega pul sarf qiladi?
Loyni qordi, ishlatib —
Zang ketmonu paqirni.
So'ng oftobga cho'k tushib,
Bolalarni chaqirdi.
Qiyqirishib bolalar
Atrofida chopdilar.
Qorni, bo'yni aralash
Loyshuvoqni yopdilar.
Bundoq tandir bo'lmagan,
Yo'qdir hech bir kitobda.
Tandirini Matmusa
Quritadi oftobda.
Qotgan sari tanda loy,
Har bir mo'yi jimirlar.
Chig'anoq qurt singari
Faqat boshi qimirlar.
Ko'p qiynaldi Matmusa,
Mard emasmi — chidadi.
Tandir tayyor, endi mard
Undan qandoq chiqadi?
Pilla yorar kapalak,
Qil sug'rilar xamirdan.
Lek Matmusa chiqolmas
O'zi qurgan tandirdan.
Yetar yetti qo'shniga
Uning nola-xonishi.
Maslahatga yig'ilar
Qishloq ahli donishi.
Qim der: E vox, bechora,
Kim der: Ko'ring taqdirni.
Baxs boshlandi — masala:
Butun olmoq tandirni.
Oxir dedi bosh hakam
Chimirgancha qoshini: —
Bir chora bor: arralang
Matmusaning boshini.
Mayli, dedi Matmusa,
Rozi bo'lmay netayin,
Bilmadinglar qadrimni,
Hammang jinni, betayin.
Kessangizlar boshimni,
Men niyatga yetarman.
Boshim olib bu yerdan
Biror yoqqa ketarman.
•