Krill | Lotin |
1. Matmusaning qishlog'i
Donishqishloq degan joy
Bordir bizning tomonda.
O'sha qishloq ahlidek
Dono xalq yo'q jahonda.
Jo'yak tortib tomiga
Makka ekkan o'shalar.
Kalishini perronga
Yechib ketgan o'shalar.
Yuz qop ganchni bir yo'la
Suvga qorgan u yerlik.
Echkisini sartaroshga
Olib borgan u yerlik.
Ko'rib minoralarni
O'sha yerlik ulug'lar,
Degan: «Bular teskari
Turib qolgan quduqlar».
Tomdan boshlab uy qurmoq
Bo'lib tikkan xavoza,
Devori yo'q hovliga
O'rnatgan ham darvoza;
Oyga chiqmoq yo'li bor,
Juda oson degan ham,
Temir yo'lni ko'tarsa,
Tayyor narvon degan ham,
Mashinasi bor turib
Minib yurgan xachirga,
Xizmat qilgan «Volga»si
Eshakka yem tashirga,
Pashshaga sopqon otgan,
Qopqon qo'ygan chivinga,
Almashtirgan sarrofdan
O'tgan kunni indinga,
Oy nuriga xum tutib,
Umid qilgan pishloqdan —
Sohibxayol farishta
O'sha Donishqishloqdan.
Donishqishloq qayerda?
O'zimizning tomonda.
O'sha qishloq xalqidek
Dono xalq yo'q jahonda.
Aql ko'plik qilsa, bosh
Yoriladi deb halak —
Boshlariga donishlar
Kiyib yurar chambarak.
Sodda demang ularni,
Ular sodda bo'lmaydi.
Kuldirsa ham sizlarni,
O'zlari hech kulmaydi.
U mashhur Aldarko'sa,
Kalko'saning qishlog'i.
O'zimizning qahramon
Matmusaning qishlog'i.
Kitob bo'lar ta'rifi,
Yozsa ming bir sahifa.
Donishlarning ishidan
Tinglang uch-to'rt latifa...
•